Yil oxirigacha o‘tkaziladigan musobaqalar muhokama qilindi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida murabbiylar shtabi, mas’ul xodimlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Federatsiya bosh kotibi Aziz Sobirov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda yil yakuniga qadar o‘tkaziladigan va turli yosh toifasidagi terma jamoalarimiz ishtirok etadigan xalqaro va ichki musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, unda munosib ishtirok etish, xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, noyabr oyida poytaxtimiz mezbonlik qiladigan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga dzyudochilarimizni puxta tayyorlash, yilning ushbu yosh toifasidagi asosiy musobaqasida munosib tarzda qatnashish ham kun tartibidan o‘rin olgan muhim masala bo‘ldi.
Vazifa — har bir musobaqaga optimal formada yetib borish va mavsum imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish. Uyimizda o‘tadigan jahon chempionati va ilk yoshlar Gran-prisi esa alohida mas’uliyat yuklaydi.