Yetakchilikni isbotlash fursati: Yosh dzyudochilarimiz Osiyo o‘yinlariga shay
Bahraynda III yoshlar Osiyo o‘yinlari davom etmoqda. Arenalarda allaqachon turli sport turlari vakillari medallar uchun kurash olib boryapti. O‘zbekiston delegatsiyasi esa medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Safar oldidan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov terma jamoa menejeri Asad Zokirjonov, o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiy Aurelian Chiprian Flis hamda dzyudochilar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Federatsiya rahbari jamoaning yuqori salohiyatini ta’kidlab, uning tayyorgarligiga ishonch bildirdi va sportchilarga qat’iyat, fidoyilik va g‘alabalar tiladi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi tatamiga favorit maqomida chiqadi - va buni ishonchli kurash va natija bilan tasdiqlashi kerak.
Azizjon Kamilovning ta’kidlashicha, yetakchi maqomi shunchaki e’tirof emas, balki katta mas’uliyat hamdir. Dzyudochilarimiz Bahraynga tajriba uchun emas, g‘alaba uchun borishadi. Ularning oldida ishonchni oqlash va milliy delegatsiyaning umumiy hisobdagi o‘rnini mustahkamlash vazifasi turibdi.