Yengil atletikachilar Bahraynga jo‘nab ketishdi
Yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarida ishtirok etuvchi yengil atletikachilarimiz Bahraynga jo‘nab ketishdi. Bu haqda sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Terma jamoamiz vakillari yengil atletikaning 12 yo‘nalishida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishadi.
Atletlarimizning musobaqadagi dastlabki ishtiroki 23-oktyabrga belgilangan.
O‘sha kuni o‘smir qizlar o‘rtasida yadro uloqtirish, uzunlikka sakrash, 1500 metrga yugurish yo‘nalishlarida final bellashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Unda o‘zbekistonlik atlet qizlar ham ishtirok etadi. Shuningdek, o‘smirlar o‘rtasida uch xatlab sakrash va bosqon uloqtirish turlarida ham final bosqichi o‘tkazilib, sportchilarimiz medallar uchun kurash olib boradi.
Ma’lumot o‘rnida, Bahrayndagi Yoshlar Osiyo o‘yinlarida yengil atletika musobaqalari 26-oktyabrgacha, jami 4 kun davom etadi.