Yaponiyada sport agentligi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Hukumat topshirig‘iga muvofiq, dopinga qarshi kurashish va halol sportni targ‘ib qilish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish hamda O‘zbekiston amaliyotiga joriy qilish vazifasi belgilangan.
Shundan kelib chiqib, ayni kunlarda Sport vazirligi, Bosh prokuratura va Antidoping agentligidan tashkil topgan ishchi guruh xizmat safarida Osiyoda dopinga qarshi kurashishda eng samarali yo‘nalish va yuqori tajribaga ega Yaponiya mamlakatida bo‘lib turibdi.
Xizmat safari davomida Yaponiyaning sport sohasidagi islohotlari, sportchilarning jismoniy, ma’naviy va ruhiy rivojlanishini ta’minlash, antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida tajriba almashish maqsad qilingan.
Shu doirada Nehashi Hiroki boshchiligidagi Yaponiya Sport agentligi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida antidoping sohasidagi Yaponiya tajribasini o‘rganish, xususan, sportda halollikni ta’minlash, antidoping sohasida qonunchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash usullari, qonunlarning amaliyotda qo‘llanilishi va hukumat vakolatlari masalalari muhokama qilindi.