Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasiga start berildi
Bugun poytaxtimizdagi “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalariga tantanali start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yirik sport loyihasi davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilmoqda. Bugungi kunga qadar musobaqalarda ishtirok etish uchun 168 ta oliy ta’lim muassasalaridan qariyb 160 ming nafar talaba roʻyxatdan oʻtgan.
Musobaqalar uch bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich (universitet bosqichi): 6–20-aprel kunlari;
2-bosqich (hududiy bosqich): 1–15-may kunlari;
Final bosqichi (Respublika bosqichi): 1–10-iyun kunlari tashkil etiladi.
Yakuniy bosqichga Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” mezbonlik qiladi. Unda mamlakatning eng kuchli talabalari sovrinli o`rinlar uchun kurash olib boradilar va O‘zbekistonda talabalar sporti yuqori darajada rivojlanayotganini isbotlaydilar.