Xorazm viloyatida 2025-yil yakunlari sarhisobi hamda 2026-yil uchun reja va vazifalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining Xorazm viloyati bo‘limi raisi huzurida 2025-yilda respublika va xalqaro maydonlarda erishilgan natijalar sarhisobi hamda 2026-yilga mo‘ljallangan reja va vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat federatsiyasi raisi M. Kalandarov, rais o‘rinbosari – bosh boshqarmaning birinchi o‘rinbosari F. Masharipov, federatsiya ijrochi direktori R. Yusupov, Urganch davlat universiteti Jismoniy tarbiya fakulteti og‘ir atletika yo‘nalishi o‘qituvchisi, xalqaro toifadagi hakam K. Ozodov hamda tajribali murabbiylar va hakamlar ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida 2025-yilda o‘tkazilgan mahalliy va xalqaro musobaqalar natijalari chuqur tahlil qilindi. Xususan, Xorazm viloyati vakillari Diyorbek Ruzmetov va Munisbek Davletov xalqaro arenalarda yuksak natijalar qayd etib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilganliklari e’tirof etildi. Shuningdek, yig’ilishda 2026-yilga mo‘ljallangan istiqbol rejalar, musobaqalar taqvimi hamda murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan strategik tayyorgarlik dasturlari keng muhokamadan o‘tkazildi.
Kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri sifatida “Prezident olimpiadasi” hamda 2028-yil Los-Anjeles yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritishi rejalashtirilayotgan sportchilarning tayyorgarlik holati yuzasidan mutaxassislar bilan aniq va puxta rejalar kelishib olindi.