XOQ prezidenti Kirsty Coventry bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Singapurda o‘tayotgan suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionati doirasida O‘zbekiston sport sohasi vakillari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsty Coventry hamda Olimpiya birdamligi dasturi direktori, XOQning Milliy Olimpiya qo‘mitalari bilan ishlash departamenti rahbari James Macleod bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuvda sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shaxnoza Mirziyoyeva hamda MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etishdi.
Suhbat avvalida Coventry xonimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, MOQ raisi Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va tabriklari yetkazildi. Shuningdek, rasmiylar unga mas’uliyatli faoliyatida kuch-g‘ayrat va omad tilashdi.
Coventry xonim Shaxnoza Mirziyoyeva Butunjahon suzish federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi byurosiga saylangani bilan tabriklab, sobiq professional suzuvchi sifatida ushbu lavozimning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi va o‘z maslahatlarini berdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda Olimpiya harakatini rivojlantirish borasida erishilayotgan natijalar va bu yo‘nalishdagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Kirsty Coventry xonimga O‘zbekistonga tashrif buyurish taklifi ham berildi.