Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroqo‘mitasi yig‘ilishi: 2026-yilgi musobaqalar taqvimi muhokama qilindi
Misrning Ismoiliya shahrida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Ijroqo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda federatsiya rahbariyati hamda a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi. Jumladan, IWF Ijroqo‘mitasi a’zosi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov ham yig‘ilishda faol qatnashib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilish davomida og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish, xalqaro musobaqalar tizimini takomillashtirish, sportchilar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, dopingga qarshi kurash samaradorligini oshirish masalalari keng muhokama qilindi.
Kun tartibidagi muhim masalalardan biri sifatida 2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan nufuzli xalqaro musobaqalar taqvimi atroflicha ko‘rib chiqildi. Unda mezbon davlatlar, musobaqalar formatlari hamda tashkiliy jarayonlar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.