Xalqaro hakamlik kursining uchinchi kuni: Yagona qaror va muvofiqlik tamoyillari
Xalqaro hakamlik kursining uchinchi kuni: Yagona qaror va muvofiqlik tamoyillari
Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti kurash bazasida davom etayotgan Xalqaro hakamlik kursining uchinchi kuni ham mazmunli nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga boy tarzda o‘tdi.
Xalqaro kurash instituti tomonidan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, O‘zDJTSU hamkorligida tashkil etilgan mazkur kursda asosiy e’tibor bosh hakam va yon hakamlarning gilamdagi o‘zaro hamkorligi, harakatlar muvofiqligi hamda qaror qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish masalalariga qaratildi.
Mashg‘ulotlar IKI rektori Habibulla Tadjiyev va IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriy rahbarligida, IKA Texnik direktori Ravi Kapur, IKI professori Kim Eur Joong hamda boshqa xalqaro ekspertlar ishtirokida olib borildi.
Kun davomida ishtirokchilar bellashuvlarni boshqarishda hakamlar o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash, baholash qarorlarini tezkor va aniq qabul qilish, bahsli vaziyatlarda yagona yondashuvni shakllantirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.
Shuningdek, IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriy hakamlik faoliyatidagi eng muhim mezonlar — xolislik, mas’uliyat, doimiy e’tibor va xalqaro standartlarga qat’iy rioya qilish masalalari yuzasidan o‘z tajribasi hamda tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur kurs yaqin kunlarda Yaponiyaning Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari dasturidagi kurash musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Unda xalqaro toifadagi hakamlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, shuningdek, kurash bo‘yicha yagona hakamlik standartlarini mustahkamlash asosiy maqsad sifatida belgilangan.