“WT Diamond Games”: Aralash jamoaviy bahslarda bir oltin va bir bronza medal!
Koreya Respublikasining Muju shahrida taekvondo WT yo‘nalishidagi “Muju Taekwondowon 2025 World Taekwondo Diamond Games” xalqaro turniri qizg‘in pallaga kirdi. Musobaqaning ikkinchi kuni 295 kg umumiy vazn toifasida aralash juftliklar o‘rtasidagi jamoaviy bellashuvlar bilan davom etdi.
O‘zbekiston ikki to‘rtlik bilan ishtirok etdi va har ikki jamoamiz sovrindorlar safidan o‘rin oldi.
O‘zbekiston-1 tarkibi (Ozodbek Mamadaliev, Yodgor Jo‘raboyev, Sevinch Hayitova, Ozoda Sobirjonova) musobaqani Singapur ustidan g‘alaba bilan boshladi. Chorak finalda mezbon Koreya Respublikasi mag‘lub etildi. Yarim finalda Qozog‘istonga imkoniyat berilgan bo‘lsa-da, bronza medali uchun bahsda Marokash jamoasiga qarshi ishonchli g‘alaba qayd etildi.
O‘zbekiston-2 tarkibi (Diyorbek To‘xliboyev, Shuhrat Salaev, Shabbona Abduvalieva, Svetlana Osipova) bosqichma-bosqich Indoneziya va Mo‘g‘uliston terma jamoalarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda esa avvalroq O‘zbekiston-1 jamoasini yenggan Qozog‘iston ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, yurtimiz jamoalari 295 kg aralash juftlik bahslarida 1 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Hozircha umumiy hisobda terma jamoamiz 2 ta oltin va 1 ta bronza medaliga ega.
Ertaga turnirning so‘nggi kunida individual janglar bo‘lib o‘tadi.