World Aquatics bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnaza Mirziyoyeva hamda MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) prezidenti, OOK bosh direktori Husayn Al Musallam bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuv avvalida Husayn Al Musallam Shahnaza Mirziyoyevani World Aquatics ijroiya qo‘mitasi byurosiga saylangani bilan tabrikladi. Suhbat chog‘ida mamlakatimizda suv sporti turlarini yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlikda “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar jadal sur’atda kuchayib borayotgan o‘zaro hamkorlikdan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shuningdek, janob Musallam o‘zbekistonlik suzuvchilarda katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuv davomida istiqbolli loyihalar, jumladan, mamlakatimizda suv sporti sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha rejalar atroflicha muhokama qilindi.