Volkanovski va Lopes jang qiladigan UFC 325 turnirining rasmiy posteri eʼlon qilindi (foto)
UFC matbuot xizmati navbatdagi UFC 325 turniri uchun rasmiy posterini taqdim etdi.

Musobaqaning asosiy jangida yarimyengil vazn toifasida amaldagi UFC chempioni, avstraliyalik Aleksandr Volkanovski hamda 66 kg vazn toifasida reytingda ikkinchi o‘rinni egallab turgan braziliyalik Diego Lopes o‘rtasida revansh bahsi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv 31 yanvar kuni Avstraliyaning Sidney shahrida tashkil etiladi.
Ular o‘rtasidagi ilk jang 12 aprel kuni UFC 314 turniri doirasida bo‘lib o‘tgan va unda Volkanovski hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan edi. Shundan so‘ng avstraliyalik chempion oktagonga qaytmadi. Ayni paytda uning MMA’dagi umumiy rekordi 27 g‘alaba va to‘rt mag‘lubiyatdan iborat.
Diego Lopes esa Volkanovskiga mag‘lub bo‘lganidan keyin oktagonga muvaffaqiyatli qaytdi. Braziliyalik jangchi 13 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan UFC Fight Night 259 turnirida Jan Silvani texnik nokaut orqali mag‘lub etdi.