Volkanovski Topuriya — Getji jangi gʻolibini taxmin qildi
Yarim yengil vazn toifasida amaldagi UFC chempioni, 37 yoshli avstraliyalik Aleksandr Volkanovski Iliya Topuriya va Jastin Getji oʻrtasidagi jang borasida oʻz taxminini bildirdi.
Ushbu toʻqnashuv 15 iyun kuni AQSh poytaxti Vashingtonda boʻlib oʻtadigan “UFC White House — Freedom 250” turnirining markaziy jangi boʻladi.
“Getji ochildimi — tamom, jang yakunlanadi. Menimcha, Iliya uni nokaut qiladi. U bejizga yaqqol favorit deb hisoblanmayapti. Jang dastlabki ikki yoki nari borsa uchinchi raundda nokaut bilan tugaydi deb oʻylayman”, dedi Volkanovski.
Maʼlumot uchun, Jastin Getji 2011 yilda professional MMA'da debyut qilgan va hozirgacha 27 ta gʻalaba va 5 ta magʻlubiyat qayd etgan. Iliya Topuriya esa 17 ta jang oʻtkazib, barchasida gʻalaba qozongan.