Voleybol. Samarqandda o‘quv-yig‘in bazasi tashkil etildi
Samarqand viloyati Sport boshqarmasi, Samarqand davlat pedagogika instituti hamda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamkorligida, Samarqand sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan sport maktabi negizida O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Samarqand viloyati terma jamoalari uchun o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari bazasi tashkil etildi.
Mazkur baza zamonaviy sharoitlar asosida yo‘lga qo‘yilib, sportchilarni sifatli tayyorlash hamda musobaqalarga puxta hozirlash imkonini yaratadi.
Joriy yilning 20-fevralidan boshlab ushbu bazada U-18 o‘g‘il bolalar terma jamoasi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Shuningdek, hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi, sport maktabi va institut o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat voleybol sportini rivojlantirish, ilmiy-amaliy yondashuvni kengaytirish va yosh sportchilarni tizimli tayyorlashga xizmat qiladi.