Voleybol. Quvasoyda 8-mart munosabati bilan qizlar o‘rtasida voleybol musobaqasi o‘tkazildi
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘quvchi qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha sport musobaqasi tashkil etildi. Musobaqa 5–6-mart kunlari Quvasoy shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 10-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazildi. Tadbir Quvasoy shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tashabbusi bilan tashkil etilib, unda shahar maktablarining qizlar jamoalari ishtirok etdi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslar qizg‘in va murosasiz ruhda kechib, sportchilarning jamoaviy hamjihatligi hamda voleybolga bo‘lgan qiziqishi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra:
1-o‘rin — 10-maktab jamoasi
2-o‘rin — 13-maktab jamoasi
3-o‘rin — 29-maktab jamoasi
G‘olib va sovrindor jamoalar Quvasoy shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur sport tadbiri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, qizlarni sportga keng jalb etish hamda voleybol sport turini yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda.