Voleybol. Qo‘shko‘pir tuman hokimi Olimpiadasi sport tadbirlari yuqori saviyada davom etmoqda
Qo‘shko‘pir tumanida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida “Qo‘shko‘pir tuman hokimi Olimpiadasi” sport tadbirlari yuqori saviyada davom etmoqda.
Mazkur musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlashga xizmat qilmoqda.
Bugun olimpiada doirasida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha qiziqarli va murosasiz bahslar bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlarda ishtirok etgan yoshlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi, chaqqonligi hamda g‘alabaga bo‘lgan kuchli intilishlarini namoyon etdilar.
Ko‘tarinki ruh, yuqori sport kayfiyati va muxlislar qo‘llab-quvvatlovi ostida o‘tgan musobaqalar yakunida g‘olib hamda sovrindor jamoalar aniqlandi. Taqdirlash marosimida Qo‘shko‘pir tumani hokimi o‘rinbosari Xurmatbek Ibragimov ishtirok etib, musobaqa g‘oliblari hamda faol ishtirokchilarga diplom, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalarni topshirdi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda kelajakda yuksak natijalarga erishadigan sportchilar safini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.