Voleybol. O'zbekiston U-19 jamoasi xalqaro o'quv-yig'in mashg'ulotlarida
Ma’lumki, 2027-yil iyul oyida Toshkent shahrida voleybol bo‘yicha 20 yoshgacha bo'lgan o'g'il bolalar o'rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tishi belgilandi. Mazkur nufuzli musobaqani O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi joriy yilning yanvar oyida Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) prezidenti Roman Suzaraning Toshkentga tashrifi chog‘ida o‘zaro kelishib olingan edi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonning U-19 yosh toifasidagi terma jamoasi xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahriga jo‘nab ketdi. O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari 5–14 mart kunlari davom etadi. Yig‘in doirasida jamoamiz Rossiyaning “Lokomotiv”, U-19 Novosibirsk hamda yana bir qator jamoalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Ushbu bahslar yosh voleybolchilarimizning xalqaro tajribasini oshirish, o‘yin amaliyotini boyitish hamda kelgusidagi yirik musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston voleybol federatsiyasining xalqaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini tashkil etishdagi yaqindan samarali hamkorligi uchun Rossiya voleybol federatsiyasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.