Voleybol. “NamDU” jamoasi — yutuqlar sari dadil odimlar
Namangan davlat universitetining “NamDU” ayollar voleybol jamoasi 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida mamlakatimiz voleyboli rivojiga munosib hissa qo‘shib, o‘zining yuqori sport natijalari bilan e’tiborga tushdi.
Jamoa tashkil etilgan dastlabki yiliyoq — 2019-yilda O‘zbekiston Kubogi musobaqalarida ishtirok etishni boshlab, katta sport maydonida tajriba orttira boshladi. Keyingi yillarda esa jamoa izchil rivojlanib, muhim natijalarga erishdi. Xususan, 2022-yilda O‘zbekiston Kubogi musobaqasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2023-yilda O‘zbekiston chempionatida kumush medal sohibiga aylangan jamoa mamlakat voleybolida o‘zining munosib o‘rnini mustahkamladi.
Shundan so‘ng “NamDU” jamoasi respublika miqyosidagi musobaqalarda muntazam ravishda yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Jumladan:
2023, 2024 va 2025-yillar — O‘zbekiston Kubogi g‘olibi
2023, 2024 va 2025-yillar — O‘zbekiston chempionati kumush medali sohibi
2024–2025-yilgi “Talabalar ligasi” g‘olibi
Qirg‘iziston–O‘zbekiston spartakiadasi g‘olibi
Bugungi kunda jamoa tarkibida 6 nafar O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, jamoa safida xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan iqtidorli sportchi qizlar ham bor.
Mazkur yutuqlar jamoaning mehnati, intizomi va yagona maqsad sari birlashgan jipsligini yaqqol namoyon etadi. Jamoa nafaqat musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etmoqda, balki voleybol sport madaniyatini rivojlantirishda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Universitetda voleybol sport turini rivojlantirishda Namangan davlat universiteti rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyevning alohida o‘rni bor. Uning tashabbusi bilan jamoa uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, sportchilarning professional rivoji uchun keng imkoniyatlar taqdim etilmoqda.