Voleybol. AVC Prezidenti Toshkent shahriga rasmiy tashrif bilan yetib keldi
Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) Prezidenti Ramon Suzara rafiqasi bilan birgalikda Toshkent shahriga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev, federatsiya bosh kotibi Farxod Alimov hamda federatsiya raisining maslahatchisi Mo'ydinjonov Anvarjonlar tantanali ravishda kutib oldi.
Tashrif doirasida Ramon Suzara O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Anvarovich Toshpo‘latov hamda hududiy ijrochi direktorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Mazkur uchrashuvlarda mamlakatimizda voleybol sportini yanada rivojlantirish, hududlarda infratuzilmani mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida voleybolni ommalashtirish hamda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, AVC Prezidenti 24-yanvar kuni 18:00da O‘zbekiston chempionati — Oliy liga musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi. Ushbu rasmiy tashrif musobaqaning nufuzi va xalqaro ahamiyatini yanada oshirish, shuningdek, O‘zbekiston voleybolining Osiyo miqyosidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.