Velosport. O'zbekiston umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi
Salombek Hasanov Qozog‘istondagi xalqaro turnirda zafar quchdi. Umumiy natijalar bo'yicha Shoislom Shoakmalov chempion.
Avvalroq xabar berganimizdek, Qozog‘istonda an’anaviy tarzda har yili o‘tkazib kelinadigan “Shkolnik Kazaxstana” xalqaro velopoyga turniri o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning 7-bosqich poygalari ham ortda qolib, g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Quvonarlisi, 90 kilometr masofaga o‘tkazilgan navbatdagi guruh poygasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Salombek Hasanov barcha raqiblarini ortda qoldirib, 2 soat 09 daqiqa 38 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Yosh velopoygachimizning ushbu yorqin g‘alabasida jamoadoshlari — Fazliddin Ergashev, Chingiz Cho‘liyev, Shoislom Shoakmalov, Abduvahob Yusufjonov va Manuchehr Abdurasulovlarning ham hissasi katta bo‘ldi. Ular poyga davomida Salombek Hasanovga yaqindan ko‘maklashib, g‘alaba sari yo‘l ochib berishdi.
Qayd etish kerak, o'tkazilgan barcha bosqichlar bo'yicha ham yetakchilik aynan bizning sportchimizga nasib etdi. Umumiy natijalar bo'yicha (General classification) Shoislom Shoakmalov musboaqa mutlaq g'olibiga aylandi.
Musobaqa yakunida bir necha kun davomida yuqori natijalar qayd etgan sportchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. E’tiborlisi, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Fazliddin Ergashev “Tog‘ velopoygachisi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Shu tariqa O'zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida ham birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
O‘zbekiston velosporti vakillarining xalqaro maydondagi bunday muvaffaqiyatlari quvonarli, albatta. Salombek Hasanov va Fazliddin Ergashevni qo‘lga kiritgan g‘alabalari bilan muborakbod etamiz! Ularga kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar, yangi rekordlar va omad tilaymiz!