Velosport. Oliy Majlis Senati Raisi Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati Raisi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Dato Amarjit Singx bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Osiyo velosport konfederatsiyasi o‘rtasidagi do‘stona va konstruktiv hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda velosport davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganini, zamonaviy infratuzilma yaratilgani hamda sportchilarning xalqaro maydondagi natijalari izchil o‘sib borayotganini qayd etdilar. Xususan, milliy va paravelosport terma jamoalarining Olimpiya o‘yinlari va jahon musobaqalaridagi ishtiroki mamlakat salohiyatining yaqqol ifodasi ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bitim doirasida O‘zbekistonda mintaqaviy o‘quv-trening markazi tashkil etish, xalqaro musobaqalarni Konfederatsiya taqvimida kengaytirish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, ayollar va paravelosportni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Tomonlar mazkur hamkorlik O‘zbekiston va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida velosport sohasidagi xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.