Velosport. Italiyadagi turnirda Nikita Svetkov ikki bor shohsupadan joy oldi
Italiyada o’tayotgan trek bo’yicha “Gran Premi Internazionali di Fiorenzuola” xalqaro musobaqasidan xushxabar. O’zbekiston milliy terma jamoasi hamda BARDIANI-CSF 7SABER klubi a’zosi Nikita Svetkov “omnium” dasturida bronza medalni qo’lga kiritdi. Bilasiz, velosportning trek yo’nalishida olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan “omnium” – eng murakkab va chidamlilik talab etadigan poyga hisoblanadi. Ko’pkurash dasturida Nikita umumiy hisobda 114 ochko jamg’arib uchinchi o’rinni egalladi.
Bu hali hammasi emas. U23 yosh toifasida o’tgan “point race” dasturida ham Nikita Svetkov delegatsiyamiz hisobiga yana bir medalni qo’shib qo’ydi. 75 aylanadan iborat 45 km masofadagi bellashuvda hamyurtimiz 50 ochko jamg’arib bronza medali bilan taqdirlandi.
Qayd etish kerak, musobaqada nafaqat Yevropa balki, Osiyo va Amerika qit’asidan tashrif buyurgan eng kuchli velopoygachilar g’oliblik uchun kurash olib bormoqda.