Umida Omonova Jahon kubogidagi og‘ir bahsda kuchli iroda namoyon etdi
Gruziyaning Batumi shahrida o‘tayotgan ayollar o‘rtasidagi FIDE Jahon kubogi qizg‘in pallaga kirdi. Nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan uch nafar shaxmatchidan hozircha faqat Umida Omonova kurashni davom ettirmoqda.
Dastlabki bosqichlarda kuchli raqibalarni mag‘lub etgan Umida uchinchi bosqichda qozog‘istonlik Elnaz Kaliaxmetga qarshi dona surmoqda. Elnaz bu bosqichgacha Gruziyaning mashhur shaxmatchisi Nino Batsiashvilini 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etgandi.
Markaziy Osiyo derbisi sifatida baholanayotgan to‘qnashuvning ilk partiyasida Umida qora donalarda harakat qildi. O‘yin davomida Elnaz katta ustunlikka ega bo‘lganiga qaramay, yurtdoshimiz bosimni oshirib, raqibani xatoga yo‘l qo‘yishga majbur qildi va uchrashuv durang bilan yakunlandi.