Umida Omonova Jahon kubogi 3-bosqichining eng yaxshi shaxmatchisi deb e'tirof etildi
Ayni paytda Gruziyaning Batumi shahrida ayollar o‘rtasidagi FIDE Jahon kubogi bahslari davom etmoqda. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasidan uch nafar shaxmatchi ishtirok etdi.
Gulruhbegim Tohirjonova va Afruza Hamdamova ikkinchi bosqichda kuchli raqibalarga qarshi tay-brekda mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.
Iste’dodli shaxmatchimiz Umida Omonova esa birin-ketin raqibalarini mag‘lub etib, Jahon kubogining to‘rtinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Quvonarlisi, tashkilotchilar tomonidan Umida uchinchi bosqichning eng yaxshi shaxmatchisi sifatida e’tirof etildi. U Markaziy Osiyo derbisida qozog‘istonlik Elnaz Kaliaxmetni tay-breksiz, 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etgandi.
Ertaga, 16 iyul kuni Umida Omonova navbatdagi bosqichda Xitoy grossmeysteri Ley Tintszega qarshi bellashadi.