Umar Nurmagomedov RAF’da Yuraya Feyberga qarshi kurashadi
UFC’ning yengil vazn toifasi vakili Umar Nurmagomedov Real American Freestyle (RAF) promoushenidagi debyutini o‘tkazadi. MMA Fighting ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik sportchi 14-noyabr kuni Abu-Dabida UFC afsonasi Yuraya Feyberga qarshi erkin kurash bahsida gilamga chiqadi.
Bahs Abu-Dabidagi “Etihad Arena”da tashkil etiladigan RAF turniri doirasida bo‘lib o‘tadi. Promoushen vakillari Nurmagomedov bilan shartnoma imzolanganini va uning ilk raqibi aynan 47 yoshli Feyber bo‘lishini tasdiqlagan.

Feyber uchun bu RAF’dagi uchinchi chiqish bo‘ladi. Amerikalik sportchi avvalgi ikki bahsida Genri Sexudo va Arman Sarukyan bilan kuch sinashgan va har ikkala uchrashuvda texnik ustunlik bilan mag‘lub bo‘lgan. Shu tariqa, Feyber ham tashkilotdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishga urinadi.
Ma’lumot uchun, RAF Abu Dhabi turnirining asosiy bahsida Kolbi Kovington va Hamzat Chimayev o‘zaro kurashadi. Kovington kruizer vazn toifasidagi RAF kamarini himoya qiladi.