Ukraina yana urush tufayli dzyudo bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi
13 iyun kuni Vengriyada dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi navbatdagi Jahon chempionati start oladi. Musobaqa boshlanishiga bir necha kun qolganda esa Ukraina terma jamoasi unda ishtirok etmasligi maʼlum bo‘ldi.
Ukraina dzyudo federatsiyasining rasmiy bayonotiga ko‘ra, bunday qarorga kelinishiga Belarus sportchilariga o‘z milliy bayroqlari ostida musobaqada qatnashishga ruxsat berilgani asosiy sabab bo‘lgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Jahon chempionatida Belarus sharafini ikki nafar dzyudochi – Aleksandr Sidorik va Yegor Voropaev (har ikkisi ham -90 kg vazn toifasida) himoya qiladi.
Shu tariqa, Ukraina federatsiyasi Rossiya va Belarus sportchilariga nisbatan xalqaro sanksiyalar to‘liq qo‘llanmayotganini yana bir bor tanqid qildi va musobaqani boy berishga qaror qildi.