U-20 jahon chempionati: Sherzod Poyonov finalda, Sanjarbek Rustambekov bronza uchun kurashadi
Bolgariyaning Samokov shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar (U-20) o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda. Erkin kurashning ikkinchi kungi bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan ikki sportchi medallar yo‘lida gilamga chiqdi.
92 kg vazn toifasidagi ikki karra Osiyo chempioni Sherzod Poyonov finalga yo‘l oldi. U ilk davrada gretsiyalik Grigorios Saridisni 12:1, 1/8 finalda yaponiyalik Sorato Kanazavani 16:6, chorak finalda kanadalik Singh Grevalni 10:3 hisobida mag‘lub etdi. Yarim finalda esa rossiyalik Gadjimurad Gadjibatriov ustidan 4:1 (tush) hisobida g‘alaba qozondi. Bugun Poyonov jahon chempionligi uchun qozog‘istonlik Kamil Kurugliev bilan to‘qnash keladi. Qizig‘i, bu ikki kurashchi o‘tgan yilgi Osiyo chempionati finalida ham uchrashgan va o‘shanda o‘zbekistonlik sportchi 4:2 hisobida zafar quchgandi. Final bellashuvlari soat 20:00da start oladi.
65 kg vazn toifasidagi Sanjarbek Rustambekov esa bronza medali uchun imkoniyat saqlab qoldi. U kecha chorak finalda yaponiyalik Reyji Uchidaga yutqazib qo‘ygandi. Raqibi finalga chiqqanidan so‘ng, Rustambekovga tasalli bahsi orqali bronza uchun kurashish imkoniyati yaratildi. Bugun u armanistonlik Arman Musikyanga qarshi gilamga chiqadi.