Toshkentda «Judo Sport Clubs Stars» xalqaro turniri boshlandi
Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Ozarbayjon va Belarusdan kelgan ikki mingga yaqin yosh dzyudochilarni birlashtirgan “Judo Sport Clubs Stars” xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning birinchi kuni qizlar o‘z yosh va vazn toifalarida g‘oliblik uchun bahs olib borishyapti. Har yili o‘tkazib kelinayotgan ushbu turnir bolalar dzyudosini ommalashtirish, yosh sportchilarning mahoratini oshirish va klub tizimini rivojlantirish maqsadida tashkil etiladi.
Musobaqa, shuningdek, xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash va istiqbolli dzyudochilarni saralab olishga xizmat qiladi. Turnirning o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dzyudoni yanada rivojlantirish, jumladan, ushbu sport turini ommalashtirish va yosh sport zaxirasini tayyorlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Musobaqaning sovrin jamg‘armasi unga alohida qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov tashabbusi bilan turnirning bosh sovrinlari sifatida ikkita avtomobil qo‘yildi. Ulardan biri jamoaviy bahslarda g‘olib chiqqan jamoaga, ikkinchisi esa “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasi g‘olibiga topshiriladi.