Toshkentda ilk bor «Paralimpiyachilar matonati» xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi
2025 yil 24-28-noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston tajribasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish maqsadida “Paralimpiyachilar matonati” xalqaro forumi hamda uning doirasida “Adaptiv sport” festivali tashkil etiladi.
Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish, adaptiv sportni rivojlantirish va jismoniy reabilitatsiya tizimini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Forumda xorijiy paralimpiya sportchilari, xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va tashkilotlar vakillari ishtirok etib, adaptiv sport infratuzilmasi, ta’lim dasturlari, ijtimoiy integratsiya masalalari bo‘yicha muhokamalar olib boriladi. Shuningdek, mashhur paralimpiya sportchilari, yuqori natijalarga erishgan matonat va jasorat sohiblari bilan motivatsion uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Adaptiv sport festivali doirasida Rossiya adaptiv xokkey federatsiyasining yetakchi sportchilari va murabbiylari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etiladi va mahorat darslari o‘tkaziladi.