Toshkentda ilk bor kattalar toifasidagi qiz-ayollar o‘rtasida sablya bo‘yicha Jahon kubogi o’tkazilmoqda
2026-yil 27–29-mart kunlari O‘zbekiston poytaxti jahon qilichbozlik markaziga aylanadi — Toshkent shahrida kattalar toifasidagi sportchi ayollar o‘rtasida sablya yo‘nalishi bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Nufuzli xalqaro musobaqa Olimpiya shaharchasida tashkil etilib, dunyoning eng kuchli qiz-ayol qilichbozlarini jamlaydi.
Mazkur musobaqani poytaxtimizda o’tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi mavqei tobora mustahkamlanib borayotganini va mamlakatimizning jahon qilichbozlik hamjamiyatidagi nufuzi ortayotganini ko‘rsatadi.
Musobaqa xalqaro qilichbozlik federatsiyasi reglamentlariga muvofiq tashkil etilib, yakka va jamoaviy bahslarni o‘z ichiga oladi. Ayni paytda unda dunyoning 25ta davlatidan, jumladan AQSh, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Venesuela, Chili va boshqa mamlakatlardan sportchi ayollar ishtirok etadi.