Toshkent sammiti: VAR tizimi va murabbiylar ishtirokiga ruxsat berish masalalari muhokama etildi
2025 yil 16 sentyabr kuni Kurash hakamligi bo‘yicha Toshkent sammitining ikkinchi kun sessiyalari davom etmoqda. Anjumanda kurash musobaqalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tashkilotchilik jarayonlarini takomillashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Sessiyalarda, jumladan, VAR tizimini joriy etish va uning texnik tamoyillari muhokama etildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tizim kurash bahslarida adolat va shaffoflikni yanada ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, muhokamalar davomida kurash musobaqalarida murabbiylar ishtirokiga ruxsat berish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yangi tartibga ko‘ra, murabbiylar IKAning A va V toifali litsenziyasiga ega bo‘lishi va bahs jarayoniga xalal bermasligi shart etib belgilandi. Holatni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘lganda esa jamoa murabbiylariga rasmiy iltimosnoma kiritish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur muhokamalarda IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri, texnik direktor Ravi Kapur, administratsiya rahbari Mansur Mirzayev, Xalqaro Kurash instituti rektori Habibullo Tojiyev, Osiyo Kurash Konfederatsiyasi texnik direktori Ali Shakirxani hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.