Toshkent sambo bo‘yicha xalqaro xotira turniriga mezbonlik qildi
25 aprel kuni Toshkent shahridagi "Jar" sport majmuasida sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro xotira turniri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, jahon chempioni Anatoliy Vasilyevich Kochedikov xotirasiga bag‘ishlangan musobaqada 220 nafardan ortiq o‘smir sambochilar g‘oliblik uchun kurashishdi.
Musobaqada o‘zbekistonlik sambochilardan tashqari Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya mamlakatlaridan jamoalar sovrinli o‘rinlar uchun bahslarga kirishdi.
Turnirni kuzatish uchun Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov va bir qator xorijiy mehmonlar arenaga kelishdi.
Qayd etish lozimki, mazkur musobaqa an’anaviy tarzda tashkil etib kelinmoqda. Bu safargi turnir tartib bo‘yicha to‘rtinchisi bo‘ldi. Musobaqa nufuzi va ishtirokchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.