Toshkent ilk bor stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
Toshkent shahridagi «Olimpiya shaharchasi» 19–25 oktabr kunlari stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Musobaqada 33 mamlakatdan jami 255 nafar sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Reglamentga ko‘ra, bellashuvlar yakkalik, juftlik, aralash juftlik va jamoaviy dasturlarda o‘tkaziladi.
Chempionatning jamoaviy dasturida kelasi yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmalar ham o‘ynaladi. Shu sababli qit’a birinchiligi ishtirokchilar uchun nafaqat Osiyo chempionligi, balki jahon miqyosidagi musobaqada qatnashish imkoniyati nuqtayi nazaridan ham muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston milliy jamoasi musobaqada 10 nafar sportchi bilan qatnashadi. Hamyurtlarimiz 12 oktabrdan boshlab KXDR va Qirg‘iziston milliy jamoalari bilan birgalikda musobaqa oldidan so‘nggi tayyorgarlik yig‘inini o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, Toshkentda kattalar o‘rtasidagi stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionatining ilk bor tashkil etilishi mamlakatimizda ushbu sport turini rivojlantirish yo‘lidagi muhim voqea bo‘ladi.