Tolibboy Yo‘ldoshev faoliyatidagi eng yaxshi ko‘rsatkich bilan Jahon chempionatida sovrindor bo‘ldi
Hindistonning Nyu-Deli shahrida boshlangan para yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionatining dastlabki kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun nihoyasiga yetdi.
Quvonarlisi, erkaklar o‘rtasida F37 toifasida o‘tkazilgan yadro uloqtirish bahslari biz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Unda ishtirok etgan Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindori Tolibboy Yo‘ldoshev 15.86 m natija bilan Jaxon chempionati bronza medaliga ega chiqdi. Qayd etish joiz, bu Yo‘ldoshev karyerasidagi hozirga qadar bo‘lgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Jahon chempionati
Erkaklar o'rtasida yadro uloqtirish dasturi (F37)
1 Albert Xinchagov (Neytral maqomdagi sportchi) - 16.55 (JCh rekordi)
2 Aleksandr Belobokov (Neytral maqomdagi sportchi) - 16.16
3 Tolibboy Yo'ldoshev (O'zbekiston) - 15.86
Shu tariqa, 22 yashar Tolibboy o'z faoliyatida ikkinchi bor dunyo birinchiligi shohsupasiga ko'tarildi. U 2023-yil Parij mezbonligidagi JChda ham bronza medaliga sazovor bo'lgandi.