Tibbiyot xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi
Namangan shahridagi “Barkamol avlod sport majmuasi”da “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda — sifatli tibbiyot” shiori ostida o‘tkazilgan sport musobaqalari yuqori saviyada tashkil etilib, qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda yakunlandi.
Mazkur musobaqalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi. Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan tibbiyot xodimlari Shaxmat-shashka, Mini-futbol, Voleybol hamda Stol tennisi sport turlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Musobaqalar davomida ishtirokchilar nafaqat sportda, balki jamoaviylik, hamjihatlik va do‘stlik borasida ham yuqori natijalarni namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha ishtirokchilar medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.