locale OZ

The Guardian: Javohir Sindarov Nomzodlar turnirida zafar quchib, Shaxmat toji uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi

Kiprda o‘tkazilayotgan Nomzodlar turniri yakuniga bir tur qolganida, 20 yoshli o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov muddatidan oldin g‘alabani naqd qildi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
The Guardian: Javohir Sindarov Nomzodlar turnirida zafar quchib, Shaxmat toji uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi
photo: Chess Uzbekistan

Kiprda o‘tkazilayotgan Nomzodlar turniri yakuniga bir tur qolganida, 20 yoshli o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov muddatidan oldin g‘alabani naqd qildi. Endi u shu kuzda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun kurashadigan bo‘ldi.

Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan 13-turda Sindarov niderlandiyalik Anish Giriga qarshi qora donalarda harakat qilib, 58-yurishda durangga erishdi. Natijada Javohir o‘z ochkolarini 9,5 taga yetkazib, eng yaqin ta’qibchisidan 2 ochko o‘zib ketdi.

"U farzinlarni almashgandan so‘ng [20.Qxa6], o‘zimda hech qanday bosimni his qilmadim,"
— deydi Sindarov o‘yindan so‘ng.

Turnir jadvalidagi matematik imkoniyatlarini saqlab turgan Anish Giri bir kun avval xitoylik Vey Yi bilan o‘yinda g‘alabali vaziyatni qo‘ldan boy berib, farqni qisqartirish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edi.

Sindarovning Peyia kurort shahridagi g'alabasi uning butun turnir davomidagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga asoslandi: 13 ta o‘yindan 6 ta g‘alaba va 7 ta durang. Bunday barqarorlik Nomzodlar turniri kabi shafqatsiz turnirlarda kamdan-kam uchraydigan holat. U turnirni chorshanba kuni Vey Yiga qarshi oq donalarda o‘tkaziladigan (turnir taqdiriga ta'sir qilmaydigan) o‘yin bilan yakunlaydi.

Ushbu turnir "eski gvardiya" uchun o‘zini ko‘rsatishning so‘nggi imkoniyati sifatida qaralgan edi. Biroq amerikalik Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi. Bu esa dunyo shaxmat elitasida yosh avlodning hukmronligi boshlanganini yana bir bor isbotladi.

Eslatib o‘tamiz, Gukesh ikki yil avval Singapurda xitoylik Ding Lirenni taxtdan tushirib, tarixdagi eng yosh jahon chempioniga aylangan edi. Shu tariqa u 1985-yilda Anatoliy Karpovni mag‘lub etgan 22 yoshli Garri Kasparovning rekordini yangilagan edi.

O‘shanda shaxmat toji uchun kurashlarning 138 yillik tarixida ilk bor Osiyoning ikki vakili to‘qnash kelgan bo‘lsa, endi bu ketma-ket ikkinchi marta sodir bo‘ladi. Noyabr oyiga belgilangan bahsda har ikki shaxmatchi ham 21 yoshga to‘lmagan bo‘ladi (Gukesh Sindarovdan deyarli olti oyga yoshroq).

Magnus Karlsen deyarli 15 yillik peshqadamlikdan so‘ng motivatsiya yo‘qligi sababli tojdan voz kechgach, Ding Liren Yan Nepomnyashiyni mag‘lub etib chempion bo‘lgan edi. Sindarov va uning tengdoshlari natijalari Karlsenning qaytishi haqidagi gap-so‘zlarni jonlantirsa-da, Magnusning o‘zi qaytish niyati yo‘qligini takrorlab kelmoqda.

"U tarixdagi eng yosh chempion va dunyoning eng kuchli o‘yinchilaridan biri. Unda juda kuchli mahorat bor, bahsimiz juda qiziqarli o‘tadi. Uning jamoasi ham kuchli. Unga omad tilayman."
— deydi Sindarov Gukesh haqida.

Bu g‘alaba Sindarov uchun ajoyib yilning mantiqiy cho‘qqisi bo‘ldi. U o‘tgan yili FIDE Jahon kubogidagi muvaffaqiyatidan so‘ng dunyo reytingida 11-o‘ringa ko‘tarilgan. Aksincha, Gukeshning oxirgi natijalari biroz pastlagan: mart oyida Pragadagi turnirda u 9 o‘yindan faqat bittasida g‘alaba qozonib, oxirgi o‘rinlardan birini egallagan edi.

"Oxirgi musobaqalardagi chiqishim nafaqat o‘zimni, balki meni qo‘llab-quvvatlayotgan barchani xafa qildi,"
— deb yozdi Gukesh o‘tgan oy Instagram sahifasida.

Sindarov turnir g‘olibi sifatida 700 000 yevrolik mukofot jamg‘armasidan 70 000 yevro ($82,582) va to‘plagan har bir yarim ochkosi uchun qo‘shimcha 5 000 yevro mukofot oladi. Shaxmat olamidagi eng nufuzli unvon uchun kurashishini his qilyaptimi degan savolga Javohir shunday javob berdi:

"Agar bu savolni bir yil oldin berganingizda, bunga hech qachon ishonmagan bo‘lardim. Ammo so‘nggi bir yil ichida men o‘z shaxmatimni haqiqatda rivojlantirdim. Mahoratimdan mamnunman va yanada yaxshiroq o‘ynashga harakat qilaman."

14 ta o‘yindan iborat bo‘ladigan jahon chempionati bahsi qachon va qaysi shaharda o‘tkazilishi hozircha tasdiqlanmagan.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting