Tepe Sigeman 2025. Javohir Sindarov ilk turdayoq jahon chempioni ustidan zafar quchdi
Shvetsiyaning Malmyo shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli Tepe Sigeman 2025 turniriga start berildi. Aylana tizimida o‘tayotgan mazkur musobaqada dunyoning yetakchi grossmeysterlari qatorida o‘zbekistonlik Javohir Sindarov ham ishtirok etmoqda.
Jami sakkiz nafar shaxmatchi ishtirok etayotgan turnirda yagona ayol ishtirokchi — xitoylik grossmeyster va 16-jahon chempioni Tan Chjun’i hisoblanadi. Sindarov musobaqaning ilk turida aynan Tan Chjun’iga qarshi qora donalarda o‘ynab, ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu natija turnirning eng shov-shuvli voqealaridan biri bo‘ldi.
Qolgan bahslarda vengriyalik Richard Rapport niderlandiyalik Ervin L`Ami ustidan zafar quchdi. Ikkita uchrashuv durang bilan yakunlandi.
Tepe Sigeman 2025 – 1-tur natijalari:
Tan Chjun’i (Xitoy) – Javohir Sindarov (O‘zbekiston) 0:1
Yagiz Kaan Erdog‘mus (Turkiya) – Nils Grandelius (Shvetsiya) ½–½
Richard Rapport (Vengriya) – Ervin L`Ami (Niderlandiya) 1:0
Vasiliy Ivanchuk (Ukraina) – Rey Robson (AQSH) ½–½
Sindarovning ushbu zafari unga musobaqa dastlabidayoq kuchli raqiblar bilan tengma-teng kurashishga tayyor ekanini namoyon qildi.