Tarixda ilk bor ikki nafar oʻzbekistonlik shaxmatchi FIDE reytingida kuchli beshlikka kirdi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026 yilning aprel oyi yakunlariga ko‘ra dunyoning eng kuchli shaxmatchilari reytingini yangiladi. Mazkur yangilanish O‘zbekiston shaxmat tarixi uchun unutilmas voqeaga aylandi — ilk bor bir vaqtning o‘zida ikki nafar hamyurtimiz dunyoning TOP-5 shaxmatchisi qatoridan joy oldi.
O‘zbekistonlik grossmeysterlar reytingda yuqori pog‘onalarni band etishdi. Xususan, Nodirbek Abdusattorov 2780 ochko jamg‘argan holda dunyoning to‘rtinchi raqamli shaxmatchisi bo‘lib turibdi. Kiprda bo‘lib o‘tgan da’vogarlar turnirida g‘alaba qozongan Javohir Sindarov esa o‘z mavqeyini birdaniga olti pog‘onaga yaxshilab, 2776 ochko bilan beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Jahon reytingida hamon norvegiyalik Magnus Karlsen yetakchilik qilmoqda, uning hisobida 2840 ochko mavjud. Kuchli uchlikni AQSH vakillari yakunlab berishgan: Hikaru Nakamura 2792 ochko bilan ikkinchi, Fabiano Karuana esa 2788 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.