Taekvando. Chempionlar o‘zlari tahsil olgan ta’lim maskanlarida tantanali kutib olindi
Xabaringiz bor, Mohidil O‘ktamjonova yosh qizlar o‘rtasida taekvondo bo‘yicha Jahon chempioniga aylanish orqali yurtimiz sporti tarixida muhim natijaga erishdi. Chempion tahsil olayotgan Farg‘ona viloyati Rishton tumani 28-umumta’lim maktabida tantanali kutib olish marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov, sport sohasi mas'ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mohidil O‘ktamjonova 💼 "Prezident Olimpiadasi"da — Yangi O'zbekiston tarixida qizlar o'rtasida yoshlar Jahon chempioniga aylangan ilk o'zbekistonlik ayol taekvondochiga aylandi!
Sirdaryo viloyati sporti tarixida yorqin sahifa ochgan yosh iqtidor egasi — Yosinbek Odilov ham o‘zining ulkan yutug‘i ortidan ta'lim dargohida tantanali ravishda kutib olindi.
U yoshlar o‘rtasida taekvondo bo‘yicha Jahon chempioniga aylanish orqali nafaqat Guliston shahri, balki butun viloyat sport jamoatchiligi uchun katta faxr va g‘urur manbaiga aylandi.
Chempion tahsil olgan Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etilgan tantanali marosim ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir davomida sportchilar, murabbiylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari chempionni va uning murabbiyini qarsaklar va samimiy tilaklar bilan qarshi oldilar.
Mazkur marosimda Anvar Buranov, Bahodirxo‘ja Eshonov hamda Iftixor O‘roqov ishtirok etib, yosh chempionning yutug‘i yuksak e’tirof etildi. So‘zga chiqqanlar Yosinbekning g‘alabasi ortida katta mehnat, qat’iyat va kuchli iroda mujassam ekanini alohida ta’kidladilar.
Eslatib o‘tamiz, Yosinbek Odilov ham 2025-yilda o‘tkazilgan "Prezident Olimpiadasi"ning oltin medal sohibi hisoblanadi.