Surxondaryo viloyatida ham “Yoshlar kuni” munosabati bilan voleybol musobaqalari tashkil etildi
Surxondaryo viloyatining qator tumanlarida “Payshanba — Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar o‘rtasida sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. O‘zbekiston voleybol federatsiyasi ko‘magida o‘tkazilgan ushbu tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni ommaviy sportga keng jalb etish hamda voleybol sport turini yanada rivojlantirishga qaratildi.
Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumanida Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 30-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida voleybol musobaqasi o‘tkazildi. Sport tadbirida yoshlar o‘z jamoaviy mahoratini namoyon etib, qizg‘in bahslarda faol ishtirok etdilar.
Sherobod tumanida ham “Yoshlar kuni” doirasida navqiron avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularning muammolarini o‘rganishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Sherobod tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilxom Yusupov tumandagi 27-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurib, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan voleybol musobaqasini kuzatdi. Sport maydonidagi murosasiz va qizg‘in bahslar yoshlarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Qumqo‘rg‘on tumanida esa yoshlar ishtirokida ijtimoiy-ma’rifiy, profilaktik hamda sport tadbirlari o‘tkazildi. Tuman Ichki ishlar bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda IIB boshlig‘i Muhiddin Amanturaev yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, giyohvandlikka qarshi kurashish hamda kiberjinoyatlardan himoyalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, internet xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, Qumqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limida yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etilib, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
“Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida sport musobaqalari ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Xususan, 17–30 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Qumqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i kubogi” uchun tuman chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda 150 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etib, 8 ta jamoa o‘rtasida murosasiz bahslar kechdi.
Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda sog‘lom va faol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.