Superbet Chess Classic Romania. Nodirbek Abdusattorov ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi Nodirbek Abdusattorov — Yan-Krishtof Duda ustidan zafar quchdi
So‘nggi kunlarda Ruminiyaning Buxarest shahri klassik shaxmat bo‘yicha nufuzli xalqaro turnir — Superbet Chess Classic Romania musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. U Grand Chess Tour 2025 tarkibiga kirib, dunyoning yetakchi grossmeysterlari bir maydonga to‘plandi.
Turnirning mukofot jamg‘armasi 350 000 AQSh dollarini tashkil etadi, undan 100 000 dollar g‘olibga nasib etadi. Bosh sovrin uchun olib borilayotgan kurashda o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etmoqda.
Ettinchi tur doirasidagi barcha uchrashuvlar durang bilan yakunlandi. Ammo Nodirbek Abdusattorov polyak grossmeysteri Yan-Krishtof Duda ustidan iroda bilan g‘alabaga erishib, turnirdagi ilk yutug‘ini qayd etdi. Bu natija uni jadvaldagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qildi.
Hozirda 4 ochkodan jamg‘argan to‘rt nafar shaxmatchi kuchli to‘rtlikni tashkil qilmoqda. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, amerikalik Fabiano Caruana peshqadamlikni saqlab turibdi. Amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju esa 2,5 ochko bilan oxirgi — 10-o‘rinni egallab turibdi.
15 may kuni turnirning sakkizinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Nodirbek Abdusattorov ushbu bosqichda turnir jadvalida ikkinchi pog‘onani egallab turgan fransiyalik Alireza Firuzjaga qarshi qora donalarda o‘ynaydi.