Sport vaziri o‘rinbosari Toshkent shahar dzyudo federatsiyasiga rahbar bo‘ldi
Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi Hisobot-saylov konferensiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Toshkent shahar sport boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Ubaydullaev, shuningdek, sport maktablari direktor va murabbiylari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida Azizjon Kamilov poytaxt dzyudochilarning so‘nggi musobaqalardagi natijalarini tanqidiy baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri vakillari terma jamoalar safida yetarli darajada namoyon bo‘layotgani yo‘q. Bekzod Ubaydullaev esa poytaxt dzyudosini yangi bosqichga olib chiqish uchun talabchan va tajribali rahbar zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan A. Irchaev o‘z lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Avazjon Qudratillaevich Karimov Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylandi. Qatnashchilar uning nomzodini bir ovozdan ma’qullashdi.
Avazjon Karimov so‘zga chiqib, poytaxt dzyudosini rivojlantirish uchun barcha mutaxassis va murabbiylar birlashishi zarurligini ta’kidladi. U o‘z tajribasini bu sohada samarali qo‘llash niyatida ekanini bildirdi.