Sohil voleyboli bo‘yicha seminar bo'lib o'tmoqda
O‘zbekiston voleybol federatsiyasining Yunusobod sohil voleybol bazasida 2026-yil 16–19-mart kunlari sohil voleyboli bo‘yicha hakamlar va trenerlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Mazkur seminarda respublikamizning 14 ta hududidan jami 56 nafar trener ishtirok etmoqda. Har bir hududdan 4 nafardan mutaxassis jalb qilingan bo‘lib, ular o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilarga sohil voleybolining texnik-taktik jihatlari, hakamlik qoidalari hamda xalqaro tajribalar asosida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Seminar FIVB instruktori Shailen Dev Ramdoo va O'zbekiston voleybol federatsiyasi Bosh kotibi Farhod Alimov tomonidan o'tilmoqda.
Ushbu seminar mamlakatimizda sohil voleybolini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda sport sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.