Sirdaryoda “Hokim Olimpiadasi” doirasidagi og‘ir atletika bahslari yakunlandi
Sirdaryo viloyatida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy bosqichi hisoblangan “Sirdaryo viloyati hokimi Olimpiadasi” doirasida og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalar yuqori saviyada tashkil etildi.
Bellashuvlar Guliston Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazilib, unda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 13–14 yoshli o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi. Yosh atletlar o‘z vazn toifalarida mahorat va imkoniyatlarini namoyish etib, g‘oliblik uchun murosasiz kurash olib bordilar.
Bahslar yakuniga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar g‘olib va sovrindor deb topilib, diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarining Respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.