Sirdaryoda “Hokim Olimpiadasi” doirasida tennis va stol tennis musobaqalari o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy bosqichi hisoblangan “Hokim Olimpiadasi” doirasida tennis va stol tennis bo‘yicha bellashuvlar yuqori saviya, ko‘tarinki ruh hamda murosasiz bahslarga boy tarzda tashkil etildi.
Guliston shahri hamda Shirin shahrida o‘tkazilgan mazkur musobaqalarda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan saralab olingan iqtidorli yosh sportchilar ishtirok etib, o‘z mahorat va imkoniyatlarini namoyon etdilar. Bellashuvlar davomida sportchilar o‘rtasida qizg‘in va murosasiz uchrashuvlar kechib, har bir ishtirokchi g‘oliblik uchun bor kuch va mahoratini ishga soldi.
Musobaqalar yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda kelgusida nufuzli respublika va xalqaro musobaqalarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, tennis va stol tennisi bahslarida yosh sportchilarning texnik tayyorgarligi, tezkor fikrlashi hamda sport madaniyati tomoshabinlar va murabbiylar tomonidan yuqori baholandi.