Sirdaryo viloyati masʼullari hamda Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi Prezidenti ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Sirdaryo viloyati masʼullari hamda Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi Prezidenti ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bugun Guliston shahrida Sirdaryo viloyati sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavloberdiyev, Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi Prezidenti Muratov Muminxuja Manapovich, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi prezidenti Dastirov Ravshan Xudoyberganovich hamda tegishli sport sohasi mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Sirdaryo viloyatida belbog‘li kurash sport turini yanada rivojlantirish, ushbu sport turining ommaviyligini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, viloyatdagi tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan sport maktablarida belbog‘li kurash seksiyalarini ko‘paytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda mashg‘ulotlar sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, murabbiylar malakasini oshirish, ularning xalqaro o‘quv-yig‘inlari va seminarlarida ishtirokini ta’minlash, xorijiy tajribaga ega mutaxassislarni viloyatga jalb etish orqali zamonaviy mashg‘ulot uslublarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Bu orqali sportchilar tayyorgarligi sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
Uchrashuvda joriy yilda Guliston shahrida 20 dan ortiq davlat sportchilari ishtirokida belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish rejasi ham muhim tashabbus sifatida ilgari surildi. Mazkur musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilishi nafaqat viloyat, balki respublika sport nufuzini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida Sirdaryo viloyati va Osiyo belbog‘li kurash Konfederatsiyasi o‘rtasida har tomonlama va ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar sport sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalar va musobaqalarni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Yakunda kelgusida belbog‘li kurash sport turini yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va yuqori natijalarga erishish yo‘lida hamkorlikda izchil ish olib borish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.