Sinquefield Cup 2025: Nodirbek Abdusattorov Sent-Luisda start olmoqda
Bugun, 18 avgust kuni AQShning Sent-Luis shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli Sinquefield Cup 2025 turniri start olmoqda. Mukofot jamg‘armasi 350 ming dollarni tashkil etuvchi musobaqa Grand Chess Tour’ning yakuniy klassik bosqichi bo‘lib, 29 avgustgacha davom etadi. Turnir aylana tizimida o‘tkaziladi va 9 turdan iborat. Bu bosqich GCT ochkolarini qo‘lga kiritish uchun so‘nggi imkoniyat hisoblanadi.
Jami 10 nafar yirik grossmeysterlar ishtirok etadi. Ular orasida O‘zbekiston nomidan Nodirbek Abdusattorov ham bor. Birinchi turda hamyurtimiz soat 22:00 da amerikalik tajribali grossmeyster Levon Aronyanga qarshi dona suradi. Qizig‘i, Abdusattorov bir necha kun avval Sent-Luisda o‘tgan Saint Louis Rapid and Blitz 2025 turnirida ikki blits partiyada ham Aronyanni mag‘lub etgan edi.
Ishtirokchilar ro‘yxati:
Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston), Gukesh Dommaraju (Hindiston), Fabiano Karuana (AQSh), Rameshbabu Praggnanandhaa (Hindiston), Alireza Firouzja (Fransiya), Wesley So (AQSh), Levon Aronyan (AQSh), Jan-Krzyztof Duda (Polsha), Maksim Vashye-Lagrav (Fransiya), Sem Sevian (AQSh).
1-tur juftliklari:
• Sem Sevian (AQSh) — Wesley So (AQSh)
• Maksim Vashye-Lagrav (Fransiya) — Alireza Firouzja (Fransiya)
• Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) — Levon Aronyan (AQSh)
• Rameshbabu Praggnanandhaa (Hindiston) — Gukesh Dommaraju (Hindiston)
• Fabiano Karuana (AQSh) — Jan-Krzyztof Duda (Polsha)