Sindarov 1,5 million dollarlik shaxmat turniri saralashini muvaffaqiyatli boshladi
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million 550 ming AQSh dollarini tashkil etuvchi Esports World Cup Chess turnirining saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Turnirning asosiy ishtirokchilari nomi avvaldan ma’lum bo‘lib, yana to‘rtta yo‘llanma uchun shaxmatchilar Last Chance Qualifier formatida kurash olib borishmoqda. Ushbu saralash bosqichi 4 ta guruhda 9 turdan iborat shveytsarcha tizimda tashkil etildi. Har bir guruhdan kuchli to‘rtlik pley-offga yo‘l oldi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilardan Javohir Sindarov va Nodirbek Yakubboev ham saralashda ishtirok etdi. Afsuski, Yakubboev o‘z guruhida 5 ochko to‘plab, 5-o‘rinni egalladi va pley-offga chiqa olmadi.
Javohir Sindarov esa kuchli raqiblar to‘plangan S guruhida 5,5 ochko bilan 3-o‘rinni egallab, pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ushbu nufuzli turnirda Nodirbek Abdusattorov saralashsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy bosqichda ishtirok etmoqda.