Shaxrillo Maxmudov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroqo‘m a’zoligiga saylandi!
Joriy haftada Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining (IWF) hisobot-saylov Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot rahbariyatiga saylovlar o‘tkazildi.
Jumladan, IWF'ning amaldagi prezidenti Muhammad Jalud 168 ta ovoz to‘plab, ushbu lavozimga qayta saylandi. Shuningdek, Ursula Papandrea birinchi vitse-prezident, Muhammad Al-Harbi hamda Cheng Liang Liu vitse-prezident, Xose Quinos esa Bosh kotib lavozimiga saylandi.
Biz uchun ahamiyatlisi, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat Og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining Ijroqo‘m a’zoligiga saylandi.
Qayd etish lozimki, ushbu saylangan tarkib Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasini 2029 yilga qadar boshqaradi.