Shaxmat. O'zbekiston — ikki karra shaxmat olimpiadasi chempioni!
Samarqandda tarix yozildi!
O‘zbekiston Ukraina bilan uchrashuv tugashidan oldin chempionlikni matematik jihatdan kafolatladi. Chunki Hindiston so‘nggi turda Vengriya bilan 2:2 durang o‘ynadi. O‘zbekiston 10 turdan keyin Hindistondan bir ochko oldinda edi: 18 ga 17.
Bu yo‘l oson bo‘lmadi. O‘zbekiston musobaqaning dastlabki 7 turining barchasida g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi bahslarda Hindiston ustidan 2.5:1.5, Xitoy ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonildi. 8-turda Germaniya g‘alabali seriyani to‘xtatdi, ammo jamoamiz darhol o‘zini tikladi: 9-turda turnirning birinchi raqamli saralangan jamoasi — AQSh mag‘lub etildi, 10-turda esa Armaniston 3.5:0.5 hisobida taslim etildi.
Va nihoyat — Ukrainaga qarshi so‘nggi g‘alaba oltin medal masalasini hal qildi.
O‘zbekiston tarkibi:
Javohir Sindarov
Nodirbek Abdusattorov
Nodirbek Yakubboyev
Shamsiddin Vohidov
Muhiddin Madaminov
Jamoa sardori — sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov. Ushbu tarkibdagi to‘rt nafar shaxmatchi 2022-yilda Chennai Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan jamoada ham o‘ynagan.
O‘zbekiston shaxmatining so‘nggi uch Olimpiadadagi natijasi esa alohida e’tiborga loyiq:
2022, Chennai — OLTIN
2024, Budapesht — BRONZA
2026, Samarqand — OLTIN
Demak, O‘zbekiston ketma-ket uchta Shaxmat olimpiadasini medalsiz tark etmadi va to‘rt yil ichida ikkinchi bor Open bo‘limida jahonning eng kuchli terma jamoasi bo‘ldi.
Eng o‘ziga xos jihati — bu safargi chempionlik o‘z uyimizda, Samarqandda qo‘lga kiritildi.
2022-yilda O‘zbekistonning Olimpiadadagi oltin medalini tasodif yoki bir martalik muvaffaqiyat deb baholaganlar ham bor edi. Ammo 2026-yilda jamoamiz butun turnir davomida kuchli va ishonchli o‘yin namoyish etib, yana shohsupaga ko'tarildi.
Bu safar yigitlarimiz faqat chempion bo‘libgina qolmay, 2022-yildagi oltin tasodif bo‘lmaganini va O‘zbekiston bugun dunyoning eng kuchli shaxmat terma jamoasi ekanini amalda isbotladi.
O‘ZBEKISTON — 46-BUTUNJAHON SHAXMAT OLIMPIADASI CHEMPIONI!
Chempionlarimizni va butun O‘zbekiston xalqini ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin qalbdan tabriklaymiz!